200 ta tadbirkorni xalqaro moliya bozoridan $2 mlrd mablag‘ jalb qilishga tayyorlash rejalashtirilmoqda
Savdo-sanoat palatasi huzurida Tashqi moliya bozorlariga chiqishga ko‘maklashish markazi tashkil etildi. Bu markazning asosiy vazifasi tadbirkorlarni xalqaro moliya bozorlariga chiqishga tayyorlash va investitsiyalarni jalb qilishda yordam berishdir. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
Yil yakuniga qadar 200 ta tadbirkorni xalqaro moliya bozoridan $2 mlrd mablag‘ jalb qilishga tayyorlash rejalashtirilmoqda. Shuningdek, yirik sanoat korxonalari tomonidan yevrobondlar chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) $1 mlrd, Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) $500 mln, «Navoiyuran» va «O‘zmetkombinat» esa har biri $300 mlnlik yevrobond joylashtirishi rejalashtirilgan.
Aviatsiya sohasi ham tashqi mablag‘ jalb qilishda faol ishtirok etadi. Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports kompaniyalari xalqaro reyting olish orqali $700 mln mablag‘ni jalb qilishni maqsad qilgan. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi ham tashqi bozorlardan mablag‘ jalb qilish bo‘yicha ishlamoqda.
Shuningdek, 2025-yilda $2 mlrdgacha grant jalb qilish uchun vazirliklar, tarmoqlar va hududlar bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqilishi belgilangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan investitsiya loyihalarida mahalliy mahsulotlardan foydalanish kuchaytirilishi haqida xabar bergan edi.