BYD kompaniyasi Janubiy Koreyaga elektromobil yetkazib berishni boshladi

17-yanvar 2025 13:38 eʼlon qilindi

Ahmad Muhammadov

Ahmad Muhammadov

Muxbir
Foto: CarNewsChina

Janubiy Koreyaning Incheon shahrida BYD kompaniyasi matbuot anjumani o‘tkazib, mamlakat avtomobil bozoriga kirishini rasman e’lon qildi. Kompaniya 2025-yil davomida uchta yangi modelni: BYD Atto 3, BYD Seal va BYD Sealion 7’ni taqdim etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi.

Birinchi taqdimot fevral oyida BYD Atto 3 SUV modeli bilan amalga oshadi. Bugundan boshlab ushbu model uchun oldindan buyurtmalar qabul qilinmoqda. Bu Xitoyda BYD Yuan Plus nomi bilan mashhur bo‘lgan modelning Janubiy Koreya uchun moslashtirilgan versiyasidir.

BYD Atto 3 ikkita versiyada taqdim etiladi: standart va Plus. Ikkala model ham 60,48 kVt/soat quvvatga ega lityum temir fosfat batareyalari bilan jihozlangan. Elektromobil bir zaryad bilan 321 km masofa bosib o‘ta oladi va batareyani 30 daqiqada 20 foizdan 80 foizgacha tez zaryad qilish imkoniyati mavjud.

Narxlar 31 million vondan ($21,3 ming) boshlanadi. Bu model Xitoyda esa $16,6 mingga sotilmoqda.

Foto: CarNewsChina

BYD Janubiy Koreyada o‘z ta’sirini kuchaytirish uchun 15 ta ko‘rgazma zalini va 11 ta xizmat ko‘rsatish markazini ochishni rejalashtirgan. Kompaniya Janubiy Koreyada 10 yil davomida elektr avtobuslar va yuk mashinalari sohasida faoliyat yuritgan bo‘lib, bu uning yangi yo‘lovchi avtomobillari bozoriga oson kirishiga imkon yaratmoqda.

Kompaniyaning yo‘lovchi avtomobillari bo‘limi rahbari Cho In-Chol BYD’ning elektromobil sohasidagi brend tajribasini oshirish uchun Janubiy Koreya dilerlari va hamkorlari bilan yaqindan ishlashini aytdi. Yangi modellarning taqdimoti 2025-yil aprel oyida Seulda bo‘lib o‘tadigan Mobility Show ko‘rgazmasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Foto:CarNewsChina

Kompaniya ushbu yilda BYD Seal ixcham elektr sedani va BYD Sealion 7 SUV’ni ham Janubiy Koreya bozoriga olib chiqishni rejalashtirmoqda. Ushbu modellar 2025-yil birinchi yarmida savdoga chiqarilishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD Seagull: eng ko‘p sotilgan elektromobilning yangi versiyasi taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek