Ijtimoiy karta qay tartibda ishlaydi va kimlar uchun beriladi

eʼlon qilindi
Ijtimoiy karta ariza berilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida taqdim etiladi
Foto: Ijtimoiy himoya milliy agentligi

Ijtimoiy karta Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanida tajriba-sinov tarzida joriy etildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

2024-yilning dekabr oyidan boshlab yangi tayinlangan 9 turdagi ijtimoiy toʻlovlar oluvchi shaxslarga taqdim etilmoqda. Ushbu shaxslarga ijtimoiy kartalar bepul beriladi va dastlab toʻlov vositasi (bank kartasi) funksiyasini bajaradi.

2024-yil 1-dekabrdan boshlab quyidagi toʻlovlar ijtimoiy karta orqali toʻlab berilmoqda:

  • Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi;
  • Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam;
  • Yoshga doir nafaqa;
  • Nogironlik nafaqasi;
  • Yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun har oylik moddiy yordam;
  • Nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalarga nogironlik nafaqalari;
  • Nogironligi boʻlgan bolalarni parvarishlayotgan onalar uchun nafaqa;
  • Protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari xaridi uchun vaucher;
  • Boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasi;

Agentlikning ta’kidlashicha, tajriba sinov bosqichida ijtimoiy karta ochish uchun elektron arizalar «Inson» ijtimoiy xizmatlari markazlari orqali qabul qilinmoqda. Keyinchalik fuqarolar Yagona davlat interaktiv xizmatlari portali, «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali hamda ijtimoiy karta boʻyicha belgilangan Moliyaviy agentlarning boʻlinmalari (Xalq banki, «Aloqabank» ) orqali murojaat etishlari mumkin boʻladi.

Shuningdek, 2025-yil 1-apreldan boshlab ushbu hududlar boʻyicha yana qoʻshimcha 2 turdagi ijtimoiy toʻlovlar ijtimoiy karta orqali toʻlab beriladi. Bunga Homiladorlik va tugʻish nafaqasi, «Saxovat va koʻmak», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» jamgʻarmalari hisobidan toʻlanadigan bir martalik moddiy yordamlar kiradi.

Ijtimoiy karta quyidagi toifadagi shaxslarga bepul beriladi:

  • Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalar (shaxslar);
  • «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali kam taʼminlangan deb eʼtirof etilgan oilalar;
  • Koʻp bolali oilalarning a’zolari;
  • Nogironligi boʻlgan shaxslar;
  • Oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslar boʻlgan yolgʻiz yashovchi va yolgʻiz keksalar;
  • Oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslar parvarishi bilan band boʻlgan shaxslar;
  • Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar;
  • Vasiylar (homiylar), tutingan ota-onalar;
  • Muomalaga layoqatsiz shaxslar;
  • Muomala layoqati cheklangan shaxslar;
  • Muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslarning qonuniy vakillari;
  • Pensionerlar;
  • Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan stipendiya toʻlanayotgan talabalar;
  • Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan stipendiya toʻlanayotgan oʻquvchilar (tinglovchilar);
  • Shahar yoʻlovchi transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga.

2025-yilning 1-aprelidan boshlab transport kartasi va imtiyozli transport kartasi funksiyalarini ham bajaradi. Ya’ni jamoat transportida imtiyozli yoki bepul foydalanish huquqiga ega boʻlgan shaxslar, belgilangan imtiyozli yoki bepul tarifdan foydalangan holda, imtiyozga ega boʻlmagan shaxslar umumbelgilangan transport tariflarida transportdan foydalanishlari mumkin boʻladi.

Ijtimoiy karta ariza berilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida taqdim etiladi. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj ayrim shaxslarga «Inson» ijtimoiy xizmatlari markazlari tomonidan 15 kun ichida ijtimoiy kartalar ularning yashash joyiga yetkazib beriladi. Ijtimoiy karta 2025-yil 1-iyuldan boshlab bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududiga joriy etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ijtimoiy karta tizimi yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek