Tibbiyot muassasalarini jihozlashda autsorsing va xususiy sheriklik loyihalari yo‘lga qo‘yiladi
Prezident tibbiyot muassasalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va xizmatlar sifatini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan tadbirlar bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, har yili 100 mlrd so‘m ajratilib, o‘tgan yili $200 mln xorijiy investitsiya va 94 mln dollar grant jalb qilindi. Natijada kompyuter tomografi, magnit rezonansli tomograf va angiograflar viloyatlarda va tumanlarda ham o‘rnatildi.
Joriy yil uchun 200 mlrd so‘m ajratilib, $370 mln xorijiy investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan. Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobiga 230 tug‘uruq muassasasiga 21 mingta uskuna va 6 ta reanimobil olib kelinadi. Germaniyaning KfW banki yordamida esa Qoraqalpog‘iston va Xorazmda yurak-qon tomir kasalliklarini davolash uchun tibbiy uskunalar taqdim etiladi.
Prezident jihozlash masalasining faqat bir qismi ekanini ta’kidladi va malakali mutaxassislarni tayyorlash, shifokorlarni qo‘shimcha o‘qitish zarurligini ma’lum qildi. Shuningdek, yuqori texnologik uskunalardan samarali foydalanish uchun autsorsing va xususiy sheriklik loyihalari yo‘lga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Hisob palatasi faoliyati bilan tanishgan edi.