Trampning Xitoyga qarshi boj joriy etmaslik qarori tufayli Xitoy aksiyalari oshdi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Bu haqda Bloomberg xabar berdi
Фото: rokas91/Depositphotos

Donald Trampning inauguratsiyasidan keyingi birinchi kuni Xitoy fond bozori ishonchli o‘sishni ko‘rsatdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

21 yanvar kuni o‘tkazilgan savdo natijalariga ko‘ra, Hang Seng China Enterprise indeksi bir kun oldingi ko‘rsatkichdan 1,18 foizga yuqoriladi. MSCI China indeksi 0,73 foizga oshdi va savdolarni 6,58 Gonkong dollari darajasida yakunladi. Shu kuni Xitoy fond bozorining dinamikasi mintaqada eng yaxshisi bo‘ldi.

Bloomberg Xitoy qog‘ozlarining kutilmaganda o‘sishiga Donald Tramp bilan kelishuvga bo‘lgan umidlarning kuchayishi asosiy sabab deb aytmoqda. Sarmoyadorlarning xavotirlariga qaramay u inauguratsiya kuni Xitoy tovarlariga 60 foiz boj joriy qilmadi.

Bundan tashqari, yangi prezident 20-yanvar kuni inauguratsiya nutqida Xitoyni tilga olmadi.

Xitoy bozorlari Amerika yetakchisining bunday ritorikasini murosali yechim topish istagi deb baholadi. Xitoy tovarlariga yuqori bojlarning joriy etilishi XXR iqtisodiyotining sekinlashishini kuchaytirishi va AQShda inflyatsiyaning o‘sishiga turtki berishi mumkin. Bloomberg suhbatdoshlariga ko‘ra, Tramp Xitoyga bosim o‘tkazish usuli sifatida boj joriy qilish tahdididan foydalanadi.

Tramp inauguratsiyadan bir necha kun oldin Xitoy rahbari Si Szinpin bilan telefon orqali muloqot qildi. U bu suhbatni ikki davlat uchun yaxshi deb atadi va Xitoy hamda AQSh dunyoni yanada xavfsizroq qilishlari mumkinligini aytdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp Jo Baydenning 78 ta qarorini bekor qilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek