Saudiya Arabistoni umra ziyoratchilari uchun meningitga qarshi majburiy vaksina kiritdi

Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatga tashrif buyuradigan barcha sayyohlarga, jumladan, umra ziyoratchilariga meningitga qarshi majburiy vaksina qilishni joriy etadi. Bu haqda O‘zR Diniy ishlari qo‘mitasi xabar berdi.
Bu qaror Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan meningokokk infeksiyasining oshishi qayd etilganidan so‘ng qabul qilindi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, vaksina olish mamlakatga kirishdan kamida o‘n kun oldin amalga oshirilishi kerak. Vaksinatsiya sertifikati uch yil davomida amal qiladi.
Umra ziyoratini amalga oshirishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklar, vaksina olish uchun respublikadagi barcha markaziy poliklinikalarda yoki vaksina markazlariga murojaat qilishlari mumkin.
Ma’lumot uchun, meningit havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan kasallik bo‘lib, har qanday yoshdagi insonlarga ta’sir qilishi mumkin. Ziyoratchilarga himoya niqoblarini kiyish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish va ehtiyot choralarini ko‘rish tavsiya etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Umra tadbirlarini litsenziyasiz tashkil etgan subyektlarga nisbatan jarima qoʻllanilgan edi.