Oʻzbekistonda QQS toʻlovchilar soni 5,7 foizga oshdi
2025-yil 1-yanvar holatiga maxsus roʻyxatdan oʻtgan QQS toʻlovchilar soni 201 mingtani tashkil etib, 2024-yilning mazkur davriga nisbatan 5,7 foizga oshdi. Bu haqda Soliq qoʻmitasi axborot xizmati xabar berdi.
Eng koʻp QQS toʻlovchilari savdo (67,1 ming), qishloq xoʻjaligi (46,4 ming) va sanoat (26,8 ming) sohalarida roʻyxatga olingan. Yil yakunlari boʻyicha soliq toʻlovchilarning sezilarli oʻsishi axborot, aloqa va transport sohasida mos ravishda 15,2 va 13,4 foizga qayd etildi.
Eng koʻp QQS toʻlovchilari Toshkent shahrida roʻyxatga olingan boʻlib, 47,8 mingni tashkil qildi. Yil davomida ularning soni poytaxtda 9,8 foizga koʻpaydi. Toshkent viloyati 9,7 foizga, Navoiy viloyati 7,6 foizga oʻsgan holda ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni egalladi.
QQS toʻlovchi korxonalarning eng kam oʻsishi Qashqadaryo, Jizzax viloyatlari va Qoraqalpogʻistonda qayd etildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan qishloq xoʻjaligi kooperativlari ijtimoiy soliqni imtiyozli stavka boʻyicha toʻlashi haqida yozgan edi.