Baytqo‘rg‘on – Parkent elektrlashtirilgan temir yo‘l qurilishi boshlanadi
Toshkent viloyatining Parkent tumanida Baytqo‘rg‘on – Parkent oralig‘ida elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasining qurilish ishlari boshlab yuborildi. Bu haqda «Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli» unitar korxonasi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, loyiha bo‘yicha Baytqo‘rg‘on – Parkent elektrlashtirilgan temir yo‘li umumiy uzunligi 23,8 kilometrni tashkil etadi. Yangi yo‘nalishning loyihalash ishlari «Boshttransloyiha» aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshiriladi, qurilish ishlari esa temir yo‘l mutaxassislari tomonidan bajariladi.
Loyiha doirasida 2 ta ajratish punktlari, 4 ta ko‘prik, 2 ta yo‘lo‘tkazgich, 1 ta tunnel turidagi yo‘l o‘tkazgich, 78 ta suv o‘tkazish inshooti, 7 ta avtomobil yo‘li va temir yo‘l kesishmasi qurilishi rejalashtirilgan.
Ushbu yangi loyiha orqali Parkent tumanining tog‘li so‘lim go‘shalariga tashrif buyuruvchilar, ayniqsa, sayyohlar oqimini orttirish ko‘zda tutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xitoylik investorlarning Nurafshon shahrida qurilish materiallari klasteri va mehmonxona qurishi haqida yozgan edik.