AQSh sudi Trampning tug‘ma fuqarolikni cheklash haqidagi farmoyishini vaqtincha blokladi
Federal sudya Jon Kofenur Donald Tramp ma’muriyatining Qo‘shma Shtatlarda tug‘ilgan bolalarning avtomatik fuqaroligini cheklovchi farmoyishini amalga oshirishini vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi. Sudya buni «ochiq-oydin Konstitutsiyaga zid» deb atadi. Ushbu qaror Demokratlar boshchiligidagi Vashington, Arizona, Illinoys va Oregon shtatlari tomonidan berilgan da’voga asoslangan holda qabul qilindi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Tramp mazkur farmonni o‘zining ikkinchi prezidentlik muddatida lavozimga qaytgan birinchi kunida imzolagan edi. Farmonga ko‘ra, agar chaqaloqning ota-onasi AQSh fuqarosi yoki qonuniy doimiy rezidenti bo‘lmasa, Qo‘shma Shtatlarda tug‘ilgan bolalar fuqarolik huquqidan mahrum etiladi.
Sud jarayonida sudya Kofenur bu farmonni Konstitutsiyaning 14-o‘zgartirishiga zid deb topdi. Mazkur o‘zgartirish Qo‘shma Shtatlar hududida tug‘ilgan har bir kishining avtomatik fuqarolikka ega bo‘lishini kafolatlaydi. Sudya o‘z qarorida, «Bu masalada Konstitutsiyaga zidlik juda ochiq-oydin», dedi va farmonning 14 kun davomida amalga oshirilishini blokladi.
Trampning farmoni AQSh Adliya departamenti tomonidan himoya qilinmoqda. Departament ushbu qaror ustidan apellyatsiya kiritishini ma’lum qildi. Adliya vazirligi farmonni «imkon qadar qattiq himoya qilishini» bildirgan bo‘lsa, sudda Tramp siyosatiga qarshi chiqayotgan Vashington shtati bosh prokurori Nik Braun, «Agar siz Amerika zaminida tug‘ilgan bo‘lsangiz, siz Amerika fuqarosisiz. Prezident bu haqiqatni o‘zgarta olmaydi,» deya ta’kidladi.
Trampning farmoni kuchga kirgan taqdirda, har yili 150 mingdan ortiq yangi tug‘ilgan chaqaloq fuqarolikdan mahrum bo‘lishi mumkin. Sudning bu qarori Trampning immigratsiya siyosati bo‘yicha birinchi katta huquqiy to‘siq bo‘ldi va masala endi uzoq muddatli sud muhokamasiga olib chiqilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Donald Tramp ikkinchi muddatining birinchi kunida nimalarni amalga oshirishga va’da bergani haqida xabar bergan edi.