Yevropa Ittifoqi Suriyaga qarshi sanksiyalarni yumshatish rejasini ma’qulladi
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Bryusseldagi yigʻilishda Suriyaga qarshi sanksiyalarni bosqichma-bosqich yumshatish rejasini kelishib oldi. Germaniya, Fransiya, Ispaniya kabi davlatlar Suriyadagi hokimiyat almashinuvi tufayli cheklovlarni qisman bekor qilishni qoʻllab-quvvatlamoqda.
Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallasning soʻzlariga koʻra, fuqarolik parvozlarini soddalashtirish uchun aviakompaniyalarga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish va neft-gaz texnologiyalari eksportiga qoʻyilgan taqiqni qayta koʻrib chiqish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, Bashar Asad va uning tarafdorlariga qarshi sanksiyalar oʻz kuchida qoladi. «Hayʼat Tahrir ash-Shom»ni terrorchi tashkilotlar roʻyxatidan chiqarish masalasi esa BMT Xavfsizlik kengashida koʻrib chiqilishi kutilmoqda.
Sanksiyalar 2012-yilda neft embargosi, investitsiya cheklovlari va eksport taqiqlarini oʻz ichiga olgan holda joriy etilgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Suriya davlat xizmatchilarining maoshini 400 foizga oshirishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.