Oʻzbekistonda kreditga oid firibgarlik bir yil ichida 42 foizga oshdi

eʼlon qilindi
600 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan
Foto: Weerapat / depositphotos.com

Oʻzbekistonda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari asosida turli tijorat banklaridan kredit ajratish holatlari sezilarli darajada koʻpaygan. Bu haqda Ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, 2024-yilda ombudsmanga kelib tushgan iqtisodiy huquqqa oid 6 mingdan ortiq murojaatlarning 9 foizi firibgarlik bilan bogʻliq. 2023-yilda bunday murojaatlar soni 110 tani tashkil qilgan boʻlsa, 2024-yilda 42 foizga oshgan.

Firibgarlar oʻzlarini Click yoki Markaziy bank xodimi sifatida tanishtirib, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanib onlayn kredit rasmiylashtirishgan. Ba’zi holatlarda bir shaxs nomiga bir nechta bankdan kreditlar olingan.

Ichki ishlar organlari tergovchilari tijorat banklariga firibgarlik qurbonlari boʻlgan fuqarolarning kredit qarzdorligini toʻxtatish haqida koʻrsatmalar yuborgan. Ammo ayrim banklar hanuz ushbu kreditlarni toʻlashni talab qilmoqda. Ombudsman fuqarolar manfaatida sudga murojaatlar kiritib, ayrim kredit shartnomalarini haqiqiy emas deb topishga erishgan.
Muammo, asosan, aholining axborot xavfsizligi va iqtisodiy bilimlarining yetarli emasligi bilan bogʻliq. Firibgarlikdan saqlanish uchun ombudsman quyidagi ehtiyot choralariga rioya qilishni tavsiya etadi:

Shaxsiy ma’lumotlarni (pasport, bank kartasi, PIN-kod) begonalarga bermang;

Tasdiqlash kodlari, parollar va bank ilovalari ma’lumotlarini hech kimga oshkor qilmang;

Notanish raqamlar, ayniqsa, chet eldan kelgan qoʻngʻiroqlarga javob bermang;

Oʻzini bank xodimi sifatida tanishtirgan shaxslardan rasmiy manbalar orqali tasdiqlov soʻrang;

Ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy ma’lumotlaringizni e’lon qilishdan saqlaning.

Ombudsman firibgarlik usullari doimiy ravishda oʻzgarib borayotganini ta’kidlab, fuqarolarni ogoh va ehtiyotkor boʻlishga chaqirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan firibgarlar yillik 11 foiz stavka bilan kreditlar taklif qilishni boshlagani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek