Etil spirti va alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish tartibi tasdiqlandi
29-yanvar kuni Hukumat qarori bilan iste’mol va texnik etil spirti hamda alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash va sotish tartibini belgilovchi nizom tasdiqlandi.
Unga koʻra, iste’mol va texnik etil spirti hamda alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish, hisobga olish va nazorat qilish, shuningdek, ularni saqlash, tashish va ulgurji sotish jarayonlari yoʻnaltiriladi. Spirtli mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi subyektlar barcha ishlab chiqarish bosqichlarida mikrobiologik, fizik-kimyoviy va texnologik nazoratni amalga oshirishlari shart.
Shu bilan birga, chet elda ishlab chiqarilgan iste’mol yoki texnik etil spirtidan alkogol mahsulotlarini tayyorlash taqiqlanadi. Bundan tashqari, ishlab chiqarish jarayonidan tayyor mahsulotlarni saqlash va sotishgacha boʻlgan barcha bosqichlar texnik reglamentlarga toʻliq mos boʻlishi lozim.
Ushbu nizom Oʻzbekistonda alkogol mahsulotlari ishlab chiqarishni tartibga solish va nazorat qilishni yanada takomillashtirishga qaratilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Istanbulda soxta spirtli ichimliklar qurboni boʻlganlar soni ortib borayotgani va ular orasida oʻzbeklar ham borligi haqida xabar bergan edi.