2024-yilda O‘zbekistonda 926 mingdan ortiq chaqaloqlar tug‘ildi

eʼlon qilindi
O‘g‘il bolalar soni qiz bolalar sonidan 32 682 nafarga ko‘p bo‘ldi
Foto: IuliiaVerstaBO / www.depositphotos.com

2024-yilning yanvar – dekabr oylarida O‘zbekistonda jami 926 422 nafar chaqaloq dunyoga keldi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasi FHDYO organlarida qayd etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar soni 479 552 nafarni tashkil qilsa, qiz bolalar soni 446 870 nafar bo‘ldi. O‘g‘il bolalar soni qiz bolalarga nisbatan 32 682 nafarga ko‘proqdir.

Mamlakatda 2018-yildan beri ilk bor tug‘ilishning yillik o‘sishi to‘xtadi. O‘tgan yili tug‘ilganlar soni nafaqat 2023-yil, balki 2022-yil ko‘rsatkichidan ham past bo‘ldi.

Tug‘ilishning kamayishi respublikaning barcha hududlarida kuzatilgan. Shiddatli pasayishga qaramay tug‘ilish darajasi eng yuqori Surxondaryoda, eng past esa Qoraqalpog‘istonda qayd etildi.

Ma’lumot uchun, 2025-yil 1-yanvar holatiga O‘zbekistonning doimiy aholi soni 37 mln 543 ming kishidan oshdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakatdagi ayollar va erkaklar soni ma’lum qilingani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek