O‘zbekiston TIV o‘zbeklarga nisbatan haqoratli video bo‘yicha bayonot berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya fuqarosi deb taxmin qilingan shaxsning o‘zbeklarga nisbatan haqoratomuz bayonotlari aks etgan video tarqalgan edi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov mazkur holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Burhonov OAV va blogerlarga tasdiqlanmagan materiallarni tarqatmaslikni tavsiya etib, Oʻzbekiston fuqarolarining sha’ni va qadr-qimmati har doim himoya qilinishini ta’kidladi.
TIV videoning tarqalishi bilanoq Rossiya tomoniga diplomatik kanallar orqali murojaat qilgan. Rossiya rasmiylari bu kabi bayonotlar qabul qilib boʻlmasligini bildirgan.
Tekshiruvlar natijasida ushbu video provokatsion ekani va xalqlar oʻrtasida nizo keltirishga urinish ekani aniqlandi. Rossiya rasmiylariga koʻra, undagi shaxs Rossiya fuqarosi emas, balki 41-yoshli Ukraina fuqarosi Nikolay Kochmarik boʻlib, uning videosi «Litva maxsus xizmatlari nazorati ostidagi» YouTube kanalida joylashtirilgan.
TIV har qanday axborot materialini tarqatishda ehtiyotkorlik va mas’uliyat bilan yondashishga chaqirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiya Federatsiyasidagi o‘zbeklar jamiyati rahbariga nisbatan jinoiy ish ochilgani haqida xabar bergan edi.