Arab davlatlari Trampning g‘azoliklarni ko‘chirish taklifini rad etdi
Arab davlatlari AQSh prezidenti Donald Trampning G‘azo sektorini «tozalash» va uning aholisini qo‘shni mamlakatlarga ko‘chirish haqidagi taklifini qat’iy rad etdi. Bu haqda CNN axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Iordaniya, BAA, Saudiya Arabistoni, Qatar va Misr tashqi ishlar vazirlari G‘azoni tiklash va falastinliklarning o‘z yurtida qolishini ta’minlash muhimligini ta’kidlab, har qanday majburiy ko‘chirish, yer anneksiyasi va uy buzishlarni qoraladi.
«Bilmayman, nimadir sodir bo‘lishi kerak, lekin hozir bu joy butunlay vayronaga aylangan. Hammasi deyarli yo‘q bo‘lib ketgan va odamlar o‘lib ketmoqda. Shu sababli men arab davlatlari bilan hamkorlik qilib, ularning boshqa joyda yashashiga imkon beruvchi uy-joy qurishga harakat qilgan bo‘lardim», – dedi Tramp.
Tramp yanvar oyida Iordaniya qiroli bilan g‘azoliklarni boshqa hududlarga ko‘chirish imkoniyatini muhokama qilgan edi. Arab davlatlari esa Isroil kuchlarining G‘azodan to‘liq chiqib ketishini va hududning bo‘linishiga yo‘l qo‘yilmasligini talab qilib, BMTning UNRWA agentligi rolini muhim deb baholashdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya G‘azoga 871 tonna gumanitar yordam yuborgan edi.