Bitcoin va altkoinlar Tramp tariflari ortidan qulab tushdi
Prezident Donald Tramp tomonidan AQShning Xitoy, Kanada va Meksikaga import tariflari joriy qilinishi haqidagi bayonotidan so‘ng kripto bozorida katta pasayish kuzatildi. 2025-yilning 1-fevralida bo‘lib o‘tgan e’lon tufayli Bitcoin narxi 5% ga tushib ketdi va bu altkoinlarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu haqda Crypto.news nashri ma’lum qildi.
AQSh hukumati tomonidan 1-fevraldan boshlab Kanada va Meksikadan keltiriladigan mahsulotlarga 25% hamda Xitoy tovarlariga 10% tarif kiritilishi belgilangan. Ushbu siyosiy qaror joriy savdo urushini murakkablashtirgan holda, kripto bozoridagi investorlar orasida qo‘rquvni kuchaytirdi.
Natijada, so‘nggi 24 soat ichida Bitcoin 6% dan ortiq pasayib, taxminan $91,2 minggacha tushdi. Keyinchalik u biroz tiklanib, $94 mingga yetdi. Shunga qaramay, Bitcoin narxi o‘zining eng yuqori darajasi – $109 mingdan 13% past darajada qolmoqda.
Bundan tashqari, global kripto bozorining umumiy qiymati ham pasayib, taxminan $3,15 trlnni tashkil etdi. Bu jarayon Bitcoin narxidagi tushish bilan bog‘liq bo‘lgan altkoinlarga kaskadli ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, Ethereum narxi 20% ga, Ripple 22% ga, Binance Coin 15% dan ko‘proqqa va Solana 8% ga pasaydi.
Tahlilchilar Bitcoin narxidagi pasayish uzoq muddatli egalarning tangalarini zarar bilan sotayotganini ko‘rsatishini ta’kidlamoqda. BitMEX bosh direktori Artur Xeys esa bozor inqirozining yaqinlashishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bitkoin narxi $100 mingdan oshgani haqida xabar bergan edi.