1-maydan mahsulot va xizmatlarni «Halol» belgisi bilan tamgʻalashga ruxsat beriladi
Oʻzbekistonda mahsulot va xizmatlarni «Halol» talablariga muvofiq sertifikatlashtirish tartibi joriy etilmoqda. Hukumat tegishli qarorni qabul qilib, mazkur yoʻnalishda tartib va talablarni belgilab berdi.
Qarorga koʻra, mahsulot va xizmatlarning «Halol» talablarga muvofiq sertifikatlashtirish tartibi hamda ularni davriy baholash tizimi ishlab chiqildi. Sertifikatlash jarayoni maxsus tashkil etiladigan organ tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu jarayonda Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti (SMIIC) tomonidan qabul qilingan va xalqaro miqyosda e’tirof etilgan standartlarga ustuvorlik beriladi. 2025-yil 1-maydan boshlab «Halol» standartlariga muvofiq sertifikatlangan mahsulot va xizmatlar maxsus belgi bilan tamgʻalanishiga ruxsat etiladi.
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Din ishlari boʻyicha qoʻmita olti oy ichida:
- Agentlik tizimidagi davlat muassasasida «Halol» sertifikatlashtirish organini tashkil etadi;
- Ushbu organ xalqaro tan olingan tashkilotlar ishtirokida akkreditatsiyadan oʻtkaziladi;
- «Halol» belgisi shakli va oʻlchami belgilanib, tasdiqlanadi.
Ma’lumot uchun, «Halol» sertifikati – mahsulot yoki xizmatning islom qoidalari va standartlariga mos ekanini tasdiqlovchi hujjat. «Halol» belgisi – mahsulot yoki xizmatning ushbu talablarga javob berishini koʻrsatadigan maxsus tamgʻa boʻlib, belgilangan tartibda roʻyxatga olinadi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda «Halol» mehmonxonalar rasman paydo bo‘lishi haqida xabar bergan edi.