Franklin Templeton O‘zbekiston Milliy investitsiya fondini boshqaradi
O‘zbekistonning investitsion muhitini yanada yaxshilash va xorijiy kapitalni jalb qilish maqsadida Franklin Templeton xalqaro investitsiya kompaniyasi O‘zbekiston Milliy Investitsiya fondini (UzNIF) boshqarish vakolatiga ega bo‘ldi. Bu haqda Franklin Templeton Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Franklin Templeton xalqaro moliya bozorlari va sarmoyalarni boshqarish sohasida 75 yildan ortiq tajribaga ega kompaniya hisoblanadi. U dunyoning ko‘plab mamlakatlarida investitsiya loyihalarini yuritib, uzoq muddatli moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga ko‘maklashib kelmoqda.
UzNIF esa O‘zbekiston hukumati tomonidan tashkil etilgan maxsus investitsiya fondi bo‘lib, uning asosiy maqsadi mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlash, yirik investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va xususiy sektorning rivojlanishini ta’minlashdan iborat. Franklin Templeton ushbu fondni boshqarish orqali xorijiy investorlar uchun ishonchli platforma yaratish, global moliyaviy standartlarga mos investitsiya strategiyalarini ishlab chiqish va samaradorlikni oshirishni maqsad qilgan.
Milliy investitsiya fondi doirasida Franklin Templeton tomonidan jalb qilinadigan investitsiyalar quyidagi sohalarga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan:
- Energetika – qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, yirik elektr stansiyalar qurish va energiya samaradorligini oshirish;
- Qishloq xo‘jaligi – innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, hosildorlikni oshirish va mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatlarini kengaytirish;
- Texnologiya va innovatsiya – sun’iy intellekt, ma’lumotlarni qayta ishlash va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish;
- Infratuzilma – zamonaviy yo‘llar, transport tarmoqlari, logistika markazlari va sanoat klasterlarini barpo etish;
- Xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash – kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun uzoq muddatli moliyalashtirish manbalarini yaratish.
O‘zbekiston Milliy Investitsiya Fondi (UzNIF) va Franklin Templeton hamkorligi mamlakatga yirik xorijiy investorlarni jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish va investitsion jozibadorlikni oshirishga xizmat qiladi. Franklin Templeton boshqaruvi ostida fondning ishonchliligi ortib, mahalliy kompaniyalarning moliyaviy resurslardan samarali foydalanish imkoniyati kengayadi.
Hukumat ushbu kelishuvni iqtisodiy barqarorlik va investitsiya muhitini yaxshilash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholamoqda. Hamkorlikning dastlabki natijalari kelgusi oyda e’lon qilinishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Franklin Templeton Investments Amerikaning yirik aktivlarni boshqarish kompaniyasi. Kompaniya 1947-yilda tashkil etilgan. Hozir kompaniya 150 mamlakatdan kelgan mijozlar bilan ishlaydi. Franklin Templeton Investments boshqaruvidagi aktivlarning umumiy summasi $1,6 trillionga baholanmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan investitsiya loyihalarida mahalliy mahsulotlardan foydalanish kuchaytirishi haqida xabar bergan edi.