Yandex Go Navoiyda yetkazib berish xizmatini ishga tushirdi
Endilikda navoiyliklar Yandex Go ilovasi orqali 20 kg.gacha boʻlgan tovar va hujjatlarni joʻnatishlari mumkin. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Xizmatdan foydalanish uchun ilovada «Yetkazib berish» boʻlimini tanlab, joʻnatuvchi va qabul qiluvchining manzillarini hamda kontakt maʼlumotlarini kiritish kifoya. Xizmat shaharning barcha hududlarida amal qiladi.
Bundan tashqari, «eshikdan eshikkacha» yetkazib berish xizmati ham mavjud boʻlib, unda kuryer pochtani kvartira yoki ofisdan olib, bevosita oluvchiga yetkazib beradi. Toʻlovni karta yoki naqd pul orqali amalga oshirish mumkin.
Yetkazib berish narxi avtomatik ravishda masofa va yoʻl harakati holatiga qarab hisoblanadi.
Yandex Go hozirda Oʻzbekistonning yana 14 ta shahrida, jumladan, Toshkent, Samarqand va Buxoroda ham faoliyat yuritmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yandex Go ilovasida tashkilotlarni izlash va tanlash uchun «Joylar» xizmati ishga tushirilgani haqida xabar bergan edi.