Qozog‘istonlik va o‘zbekistonlik tadbirkorlar mamlakatimizda «Ona Uyi» markazlarini ochadi
Qozog‘istonlik va o‘zbekistonlik tadbirkorlar O‘zbekistonning turli shaharlarida, jumladan, Buxoro, Andijon va Urganchda yettita «Ona Uyi» resurs markazi ochish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda qozog‘istonlik biznesmen Aydin Rahimbayev ma’lum qildi.
«Biz o‘tgan yili O‘zbekistonda «Ona Uyi» loyihasini ishga tushirishga kirishdik. O‘zbekiston davlat idoralari tezkor qaror qabul qilishi bilan meni hayratda qoldirdi. Loyihaning samaradorligini tahlil qilib, bir necha ishchi guruhlarni tuzgan holda bor-yo‘g‘i 2-3 oy ichida barcha ruxsatnomalar va litsenziyani oldik», – dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakatda shunday uchta markaz – Toshkent va Samarqand shaharlarida ochilgan.
Loyiha onalik mas’uliyatini yelkasiga olgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash va yangi tug‘ilgan chaqaloqlardan voz kechish holatlarini kamaytirishga qaratilgan. Qozog‘istonda ushbu tashabbus bir necha yildan beri amalga oshirib kelinmoqda. Natijada u yerda yetim bolalar soni uch baravarga qisqargan, chaqaloqlardan voz kechish holatlari esa 70 foizga kamaygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya sun’iy intellekt yordamida bolalar zo‘ravonligi tasvirlarini yaratishni taqiqlagan edi.