O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston «yashil» energiya bo‘yicha hamkorlik qiladi
Ozarbayjon Milliy Majlisi «Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida “yashil» energiyani rivojlantirish va uzatish bo‘yicha strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim”ni tasdiqlash haqida qonun loyihasini muhokama qildi. Bu haqda O‘zA ma’lum qildi.
Ushbu hujjat o‘tgan yil noyabr oyida Boku shahrida uch davlat rahbarlari tomonidan imzolangan edi.
Bitim yashil va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, energiya xavfsizligini ta’minlash va barqaror taraqqiyotga hissa qo‘shishga qaratilgan. Shuningdek, u Parij iqlim kelishuvida belgilangan issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish maqsadlariga ham mos keladi.
Shartnoma kuchga kirsa, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz energetika tizimi integratsiyasi mustahkamlanib, «yashil» energiyani Yevropa va boshqa mintaqalar bozoriga yo‘naltirish imkoniyatlari kengayadi.
Loyihani amalga oshirish uchun uch davlatning asosiy energetika kompaniyalari – «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ, «Azerenervi» OAJ va «Qozog‘iston elektr tarmoqlarini boshqarish kompaniyasi» AJ ishtirokida «Yashil yo‘lak birlashmasi» qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Ushbu korxona texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish va loyiha amalga oshirilishini ta’minlash bilan shug‘ullanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident elektr tannarxini pasaytirish bo‘yicha vazifa bergan edi.