Oʻzbekiston va Somali oʻrtasida diplomatik aloqalar yoʻlga qoʻyildi
5-fevral kuni Nyu-Yorkda Oʻzbekiston va Somali oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatish boʻyicha kelishuv imzolandi. Hujjatga Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulugʻbek Lapasov va Somalining doimiy vakili Abukar Dahir Usmon imzo chekdi, deb xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.
Tomonlar BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Shuningdek, siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Mazkur kelishuv Oʻzbekistonning Afrika davlatlari bilan hamkorligini kengaytirish yoʻlidagi navbatdagi qadam boʻldi. Somali Oʻzbekiston bilan diplomatik aloqalar oʻrnatgan 157-davlatga aylandi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston Togo bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgani haqida xabar bergan edi.