Gulnora Karimovadan musodara qilingan yana $182 mln O‘zbekistonga qaytariladi
Bugun, 6-fevral kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Shveysariya Federal Kengashi oʻrtasida «Musodara qilingan aktivlarni taqsimlash toʻgʻrisidagi bitim» imzolandi. Bitim doirasida Shveysariya tomonidan mamlakatga taxminan $182 mln miqdoridagi mablagʻlar qaytarilishi belgilandi. Ushbu mablagʻlar 2012-yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan Gulnora Karimovaga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida musodara qilingan edi.
Ushbu hujjatga Oʻzbekiston tomonidan adliya vaziri Akbar Toshqulov, Shveysariya tomonidan esa mamlakatning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy imzo chekdi.
Mablagʻlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Uzbekistan Vision 2030 Fondi» orqali qaytarilib, mamlakat aholisi manfaatlari yoʻlida sarflanadi. Ushbu fond orqali sogʻliqni saqlash va ta’lim sohalarida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
2022-yil 16-avgust kuni Shveysariyaning Bern shahrida Oʻzbekiston va Shveysariya oʻrtasida «Noqonuniy orttirilgan aktivlarni qaytarish usullari toʻgʻrisidagi bitim» imzolangan edi. Ushbu bitim doirasida $131 mln Oʻzbekistonga qaytarilishi belgilangan.
Bugungi yangi kelishuv bilan umumiy qaytarilgan mablagʻ miqdori $313 mln.ga yetdi.
«Uzbekistan Vision 2030 Fondi» faoliyati, qaytarilgan mablagʻlarning qanday ishlatilayotgani va amalga oshirilayotgan loyihalar haqidagi ma’lumotlar fondning https://www.ishonch.org/ rasmiy veb-saytida o‘zbek va ingliz tillarida e’lon qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Gulnora Karimovaning «Sijjak» dam olish maskani Kasaba uyushmalari federatsiyasiga o‘tkazilgani haqida xabar bergan edi.