Ulug‘bek Tavakkalov «Kapitalbank» boshqaruvi raisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi
![](https://cdn-uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/02/image-242.png)
2025-yil 4-fevral kuni «Kapitalbank» ATB Kuzatuv kengashi bankning Boshqaruv tarkibini kengaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bank Boshqaruvi raisining o‘rinbosari lavozimiga Ulug‘bek Tavakkalov tayinlandi. Bu haqda Kapitalbank matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ulug‘bek Tavakkalov 20 yildan ortiq vaqt davomida mamlakat bank sohasida faoliyat yuritib kelmoqda. O‘z mehnat faoliyati davomida u yirik banklarda kredit portfellarini boshqarish, chakana biznesni rivojlantirish va bank mahsulotlarini raqamlashtirish jarayonlarini muvaffaqiyatli boshqargan.
Ulug‘bek Tavakkalov «Kapitalbank» ATB Boshqaruvi raisining o‘rinbosari sifatida bankning chakana yo‘nalishini strategik rivojlantirishga e’tibor qaratadi va millionlab mijozlar uchun moliyaviy mahsulotlar yaratish vazifasini o‘z zimmasiga oladi.
«Joriy yilda biz xizmatlar sifati masalasiga alohida e’tibor qaratamiz, – dedi «Kapitalbank» ATB Kuzatuv kengashi raisi Maksud Abdusamadov. – Ulug‘bekning tajribasi va bilimi bankning rivojlanishi, xizmatlari va imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, bozor pozitsiyalarini mustahkamlashga katta hissa qo‘shadi. Ishonchim komilki, u yangi lavozimda bank va mijozlar uchun yanada ko‘proq ishlarni amalga oshiradi».
Ulug‘bek Tavakkalovning tayinlovi Markaziy bank tomonidan tasdiqlangandan so‘ng kuchga kiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ulugʻbek Tavakkalov «Kapitalbank» ATB Kuzatuv kengashi raisi maslahatchisi sifatida ish boshlagani haqida xabar bergan edi.