Uzum Bank boshqaruviga yangi rahbar tayinlandi
Uzum Bank Kuzatuv kengashining qaroriga ko‘ra, Svetlana Xe bankning yangi boshqaruv raisi etib tayinlandi. U o‘z lavozimidagi faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishilgandan so‘ng boshlaydi.
Bankning amaldagi boshqaruv raisi Aleksandr Filippovich esa Uzum Fintech’ning birlashgan yo‘nalish operatsion direktori sifatida faoliyatini davom ettiradi.
Svetlana Xe bank sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lib, korporativ boshqaruv, mijozlarga xizmat ko‘rsatish hamda bank mahsulotlarini rivojlantirish yo‘nalishlariga e’tibor qaratib kelgan.
U Uzum Bank jamoasiga qo‘shilishdan avval Yangi Bank boshqaruv raisi, shuningdek, Octobank va Kapitalbank kabi yirik moliyaviy tashkilotlarda rahbarlik lavozimlarida ishlagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Uzum 2024-yilda 1,2 trillion so‘m soliq to‘lagani haqida xabar bergan edi.