Oʻzbekistonda avtokredit shartlari yengillashishi mumkin
Oʻzbekistonda banklar avtokredit ajratishda avtomobillarga taqdim etilayotgan chegirmalarni hisobga olishni boshlaydi. Bu haqda 7-fevral kuni xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish boʻyicha Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yigʻilishida maʼlum qilindi.
Hozirda koʻplab avtosalonlar mijozlar avtomobil narxini toʻliq toʻlaganda chegirma taqdim etmoqda. Biroq kredit asosida sotib olinadigan avtomobillarga ushbu chegirmalar tatbiq etilmaydi, chunki amaldagi qoidalar bunga yoʻl qoʻymaydi.
Agar banklarga ushbu chegirmalarni inobatga olish ruxsat etilsa, avtokredit stavkalari 4 foizgacha arzonlashishi mumkin. Prezident bu cheklovni mahalliy avtomobillar uchun bekor qilish zarurligini taʼkidladi.
Shuningdek, yigʻilishda xizmatlar koʻlamini kengaytirish uchun taksi agregatorlaridan biri 2 mingta avtomobil kreditiga kafil boʻlib, 4 ming odamni ishli qilish taklifi bilan chiqqan. Buning hisobiga yangi zamonaviy taksilar koʻpayadi. Bunday loyihalarga banklar 1 trillion soʻm kredit ajratishga tayyor.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan avtokreditlarni qaysi banklardan qulay shartlarda olish mumkinligi haqida maqola tayyorlagan edi.