Ilon Mask «Ozodlik radiosi» va «Amerika ovozi»ni moliyalashtirishni toʻxtatishni taklif qildi

Tadbirkor Ilon Mask AQSh hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan «Ozodlik radiosi» va «Amerika ovozi» faoliyatini tugatishni taklif qildi. Bu haqda u X sahifasida ma’lum qildi.
Maskning ta’kidlashicha, ushbu axborot xizmatlari soliq toʻlovchilarning pullari evaziga faoliyat yuritmoqda. U Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari sifatida ortiqcha byurokratiyani qisqartirish va davlat xarajatlarini kamaytirishga intilayotganini qayd etib, mazkur tahririyatlarga ajratilayotgan mablagʻlarni samarasiz deb atadi.
«Ularni yopish kerak. Hech kim ularni tinglamayapti. Bu shunchaki oʻz-oʻziga gapirayotgan radikal soʻlchilarning platformasiga aylangan. Shu bilan birga, har yili amerikalik soliq toʻlovchilarning $1 milliard mablagʻi sarflanmoqda», – deb yozdi Mask oʻz postida.
Milliarderning bu fikri ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab boʻldi. Ba’zi foydalanuvchilar uning soʻzlarini qoʻllab-quvvatlasa, boshqalar bunday qarashlarni soʻz erkinligiga tahdid sifatida qabul qilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mask Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) yopilishini ma’lum qilgani haqida xabar bergan edi.