O‘zbekiston Korrupsiyani baholash indeksida 121-o‘rinni saqlab qoldi
![](https://cdn-uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/02/image-361-1024x578.png)
O‘zbekiston 2024-yil yakunlari bo‘yicha Korrupsiyani baholash indeksi (CPI)da 180 mamlakat orasida 121-o‘rinni egalladi, deb xabar bermoqda Transparency International. Xuddi shunday natija 2023-yilda ham qayd etilgan edi.
Unga ko‘ra, o‘tgan yil davomida mamlakatimiz 100 ballik tizimda 32 ball to‘pladi. Bu 2023-yildagidan bir ball kam. Shuningdek, Togo va Shri-Lanka ham shu miqdorda ball to‘plagan.
Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng yuqori natijaga ega bo‘lgan davlat Qozog‘iston bo‘lib, u 88-o‘rinni egalladi. Mintaqada eng past ko‘rsatkich esa Turkmanistonda – 165-o‘rin.
Eng kam korrupsiya Daniyada qayd etilgan, bu mamlakat 2018-yildan beri birinchi o‘rinni egallab kelmoqda. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda esa Finlyandiya va Singapur joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston fuqarolari sog‘liqni saqlash sohasini korrupsiya xavfi eng yuqori bo‘lgan yo‘nalish sifatida tanlagan edi.