![Бу Андерссон](https://cdn-uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/02/tr4ksp17353027298300_l-1024x683.jpg)
UzAuto Motors 2022–2023-yillarda Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlarida yengil avtomobillar ishlab chiqarish boʻyicha yetakchilik qilgan. Bu haqda kompaniya sobiq rahbari Bu Andersson «Kommersant»ga bergan intervyusida ma’lum qilindi.
Andersson boshqa yutuqlar qatorida tushumning 160 foizga oʻsishi va kompaniyaning birjaga chiqishini ta’kidladi. Oʻzbekiston Chevrolet brendi uchun dunyodagi ikkinchi yirik bozorga aylanib, Braziliya, Meksika va Xitoyni ortda qoldirgani aytildi.
Shuningdek, UzAuto Motors sobiq rahbari Rossiya avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalariga avtomobillar uchun ehtiyot qismlarni yetkazib berish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasini oʻrganishni maslahat berdi. Andersson Oʻzbekiston avtomobil sanoati koʻplab butlovchi qismlar yetkazib beruvchilar bilan hamkorlik qilayotganini ta’kidladi.
«Ba’zi ta’minotchi kompaniyalarda xorijiy ishtirok mavjud. Ammo ishlab chiqarish jarayonining barcha eng muhim tarkibiy qismlari bevosita Oʻzbekiston hududida joylashgan», – dedi u.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzAuto Motors dividendlarni toʻlash uchun 264 mlrd soʻm yoʻnaltirishi haqida yozgan edi.