
Bola tarbiyasi juda murakkab jarayon. Bunda, eng zo‘r yondashuv ham doimiy tarzda ijobiy natija keltirmasligi, eng yomoni esa mutlaqo qoralanmasligi lozim. Hatto yaxshi odat sifatida baholanadigan usul, ba’zan aks natija berishi hech gap emas. Jumladan, bolani erkalash, unga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bir qaraganda muammo keltirmaydigandek tuyuladi. Ammo haddan tashqari ko‘paytirib yuborilsa-chi? Bu bolada jiddiy nuqson yoki psixologik kamchiliklarni yuzaga keltirishi mumkin. Fan tilida bu «gipergʻamxoʻrlik» deb ataladi. Hozir biz bolani haddan ziyod erkalash orqali tarbiyalashning sabiy jihatlarini o‘rganamiz. Shuningdek, uning oqibatlarini bartaraf etish yo‘llari bilan tanishamiz.
Ushbu maqoladan nimani bilib olasiz:
- Gipergʻamxoʻrlik o‘zi nima
- Gipergʻamxoʻrlikning sabablari nimada
- Gipergʻamxoʻrlikning qanday belgilari bor
- Onaning o‘g‘liga bo‘lgan gipergʻamxoʻrligi
- Onaning qiziga bo‘lgan gipergʻamxoʻrligi
- Giperg‘amxo‘rlik qanday salbiy oqibatlarga olib keladi
- Qanday yechim yoki psixologik tavsiyalar berish mumkin

Gipergʻamxoʻrlik o‘zi nima?
«Giperg‘amxo‘rlik» — bu ota-onalar yoki bola uchun mas’ul kishilarning bola ustidan haddan tashqari g‘amxo‘rlik va nazorat o‘rnatishidir. Bunday holatda ular bolaning ishlariga doimiy aralashadi, o‘rniga qaror qabul qilishadi, unga erkin harakat qilishga yo‘l qo‘ymaydi va o‘zi xatoga yo‘l qo‘yib, saboq olish imkonini bermaydi.

Gipergʻamxoʻrlikning sabablari nimada?
Giperg‘amxo‘rlikning kelib chiqishiga turli sabablar ta’sir qiladi. Eng asosiylari — ota-onalarning farzandini doimiy ravishda xavfsiz saqlashga bo‘lgan ortiqcha harakati, tajriba yetishmasligi va jamiyatdagi bosimlardir. Ayrim ota-onalar farzandini himoya qilishni yaxshi niyat bilan amalga oshiradi. Ammo ba’zida ular bola ruhiyatini tushunmagani uchun, bilmagan holda unga zarar yetkazadi. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, lekin ilmiy asosga ega bo‘lmagan «yaxshi ota-ona bo‘lish» haqidagi maslahatlar ham giperg‘amxo‘rlikni kuchaytiradi. Ota-onalar bunday tavsiyalarga amal qilib, farzandi bilan bo‘lgan munosabatini buzib qo‘yishi mumkin.

Gipergʻamxoʻrlikning qanday belgilari bor?
Uning bir nechta belgilari mavjud. Birinchidan, ota-onalar bolalarining har bir qaroriga aralashib, ularni qanday kiyinish, kimlar bilan do‘stlashish yoki qaysi faoliyatni tanlashda boshqaradilar. Ikkinchidan, ular bolalarning xatolarini oldini olishga intiladilar. Uchinchidan, ota-onalar bolalarini doimiy nazorat va kuzatuv ostiga oladilar. To‘rtinchidan, bolaga mustaqil qarorlar qabul qilishga ruxsat berilmaydi, ota-onalar har doim to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishga urinadilar. Beshinchidan, bola hayoti haddan tashqari rejalashtirilgan bo‘ladi. Oltinchidan, bolani har narsa, har kimdan himoya qiladilar. Yettinchidan, ota-onalar bolaga emotsional bosim o‘tkazadilar.

Onaning o‘g‘liga bo‘lgan gipergʻamxoʻrligi
Onalar, ko‘pincha, o‘g‘illarini xavf-xatarlardan, qiyinchiliklardan va hayotdagi noqulayliklardan asrashga intilishi ortidan o‘g‘ilning har bir xatti-harakati va qaroriga, hatto kichik muammolarga ham aralashadi. Bu esa o‘g‘lining o‘zini mustaqil va erkin his qilishiga to‘sqinlik qiladi.
Ona o‘g‘liga doimiy ravishda maslahatlar berib, unga o‘rganish va o‘z xatolaridan xulosa chiqarish imkoniyatini bermaydi. Bu holatda o‘g‘il o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotadi, o‘z qarorlarini mustaqil ravishda qabul qilishga qiynaladi yoki umuman qabul qila olmaydi. Bu, ayniqsa, o‘g‘il kattaroq bo‘lganda, uning shaxsiy hayotiga, ijtimoiy munosabatlariga va ish faoliyatiga jiddiy putur yetkazadi.

Onaning qiziga bo‘lgan gipergʻamxoʻrligi
Odatda, onaning giperg‘amxo‘rligi qiz farzandga o‘zini himoyalangan va xavfsiz his qilish imkonini beradi. Biroq ortiqcha himoya uning ruhiy rivojiga salbiy ta’sir qiladi. Qizaloq o‘z xatolaridan saboq olish imkonidan mahrum bo‘ladi va katta hayotda mustaqil qaror qabul qilishda qiynaladi. Bunday tarbiyani olgan qiz esa kelajakda o‘zi ham farzandini shunday yo‘l bilan tarbiyalashga moyil bo‘ladi. Natijada, mustaqilligi past va o‘ziga ishonchi kam bo‘lgan avlodlar paydo bo‘lishi mumkin.

Gipergʻamxoʻrlik qanday salbiy oqibatlarga olib keladi?
Tasavvur qiling, giperg‘amxo‘rlik – bu ko‘rinmas qobiq. Bu qobiq ichida ulg‘aygan bola katta hayotdagi haqiqatlarni qabul qilishni istamaydi. Chunki u doim boshqalar uning o‘rniga qaror qabul qilishiga o‘rganib qolgan bo‘ladi. Shuning uchun ham u mas’uliyatni his qilishi qiyin kechadi. Eng yomon esa bolaning xato qilish yoki tavakkal qilishdan qo‘rqishidir. Natijada u xatolaridan saboq olish imkonini ham yo‘qotadi. Bunday bola na o‘zini, na boshqalarni boshqara oladi. Giperg‘amxo‘rlik bolaga boshqalar bilan munosabat o‘rnatishda ham to‘sqinlik qiladi. Chunki bunday tarbiya natijasida bola o‘z fikrini aytishda, xohish-istaklarini tushunishda va hayotini rejalashtirishda ko‘p qiynaladi.
Qanday yechim yoki psixologik tavsiyalar berish mumkin?
Gipergʻamxoʻrlikni oldini olish uchun tarbiya jarayonida bir necha jihatlarga ahamiyat qaratish lozim. Qaror qabul qilishni bolaning, o‘ziga qo‘yib berish, xohish-istaklarini inobatga olish, kundalik faoliyatini to‘liq rejalashtirib yubormaslik, uni eshitish va fikrni hurmat qilish hamda mustaqil tanlov amalga oshirishiga imkon yaratish kabilar shular jumlasidandir. Ota-onalar farzandlarini xatolarini qilishga va ulardan saboq olishga ruxsat berishlari zarur.
Shu bilan bir qatorda, bolaning qilgan xatolari uchun qattiq jazolashdan tiyilish lozim. Uning o‘rniga bolaga xato qilish normal holat ekanligini tushunish va o‘z xatosini to‘g‘rilash, undan oqilona xulosa chiqarish imkonini taqdim etish zarur. Farzandni o’ziga bo’lgan ishonchini oshirish uchun uning kichik yutuqlarini qadrlash va rag’batlantirish ham tarbiyada ijobiy natijaga erishishda yordam beradi.
Xulosa qilib aytganda, bola tarbiyasiga har kim individual yondashadi. Ammo, farzand tarbiyasiga xos jihatlarni bilish, xato-kamchiliklarni anglash ziyon qilmaydi.