Toshkentda noqonuniy diniy jamoat fosh etildi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
17 nafar fuqaro jamoada bo‘lgan
Foto: Rawpixel / www.depositphotos.com

Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va Ichki ishlar vazirligi (IIV) xodimlari tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy diniy jamoat faoliyati aniqlanib, uning a’zolari qo‘lga olindi.

Poytaxtdagi milliy taomlar oshxonalaridan birida tungi vaqtda bojxona idoralarining uch xodimi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi, texnopark direktori o‘rinbosari, xususiy avtomaktab rahbari, «Sergeli-avto» bozorida savdo bilan shug‘ullanuvchi shaxslar va boshqa fuqarolardan iborat jami 17 nafar kishi turli diniy adabiyotlardan foydalangan holda noqonuniy yig‘in tashkil etgani aniqlangan.

Mazkur shaxslarning aksariyati asli Namangan viloyatidan bo‘lib, ayni paytda Toshkent shahrida istiqomat qiladi. Tekshiruv davomida Bojxona qo‘mitasining boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari 2021-yildan buyon muntazam ravishda ushbu noqonuniy diniy darslarni uyushtirib kelgani va har bir mashg‘ulot uchun pul yig‘ib, ustozlarga yetkazib bergani ma’lum bo‘ldi.

Guruh a’zolari Namangan viloyatida tug‘ilgan va hozirda Misrda bo‘lgan shaxsdan Telegram orqali onlayn saboq olib kelgani, shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi ularga oflayn tarzda diniy ma’ruzalar o‘tkazgani aniqlangan.

Mazkur ish bo‘yicha bojxona boshqarmasi rahbar xodimlari, universitet talabasi hamda Misrdan diniy saboq bergan fuqaro Jinoyat kodeksining 216-moddasi (Jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish) bilan ayblanib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Qolgan shaxslar gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb qilingan. Hozirgi kunda tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 30 ming fuqaro Qur’oni karim va tajvid kurslarini tamomlagani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek