Sportga ajratilayotgan mablagʻ ikki baravarga oshdi — prezident

eʼlon qilindi
1,5 trillion soʻmdan 3 trillion soʻmga oshdi
Foto: prezident matbuot xizmati

Soʻnggi toʻrt yilda byudjetdan sportga ajratilayotgan mablagʻ 1,5 trillion soʻmdan 3 trillion soʻmga oshdi. Bu haqda Oʻzbekiston prezidenti, Milliy Olimpiya Qoʻmitasi raisi Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektorda maʼlum qilindi.

Maʼlum qilinishicha, mazkur davrda murabbiylarning oʻrtacha maoshi 2 baravar koʻpaydi, 101 ta yirik sport obyektlari yangidan qurildi, 67 tasi rekonstruksiya qilindi.

Prezident sport sohasini shunchaki oʻyin va musobaqalar emas, millat genofondi, mamlakatning qudrati va obroʻ-eʼtiborini butun dunyoga tarannum etadigan eng taʼsirchan vosita, eng ustuvor vazifa deb bilishimiz shart ekanligini taʼkidladi.

Shu bois Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik boʻyicha birinchi marta bunday katta yigʻilish oʻtkazilayotgani qayd etildi.

«Eng asosiysi, bu natijalar yoshlarimizni, ota-onalarni sportga boʻlgan munosabatini oʻzgartirdi. Koʻp yoshlarimizda “Men ham chempion boʻlaman», degan shijoat paydo boʻldi”, — dedi davlat rahbari.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston amputantlar terma jamoasi Osiyo chempioni boʻlgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek