Har bir maktabda majburiy sport to‘garaklari tashkil etiladi

Maktab o‘quvchilarining sportga jalb qilinishi hozirgi talab darajasida emasligi ta’kidlandi. Shu sababli endilikda har bir maktabda kamida bittadan yakkakurash yoki jamoaviy olimpiya sport turlari bo‘yicha to‘garak tashkil etilishi shart bo‘ladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytib o’tdi.
Sport vazirligi tizimidagi sport maktablarining murabbiylari jismoniy tarbiya o‘qituvchilariga biriktiriladi. Bundan tashqari, har bir sport federatsiyasi o‘z yo‘nalishidagi sport turlarini rivojlantirish uchun har bir tumanda bittadan umumta’lim maktabini tanlab, uni malakali murabbiylar va sport inventarlari bilan ta’minlaydi.
Shuningdek, maktablar o‘rtasida olimpiya sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etiladi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan o‘quvchilar saralab boriladi, ilg‘or maktablar esa qo‘shimcha sport jihozlari bilan ta’minlanadi. Natijador jismoniy tarbiya o‘qituvchilari esa alohida rag‘batlantiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Olimpiya qo‘mitasining hududiy bo‘limlari tashkil etilishi haqida xabar bergan edi.