
Ford kompaniyasi yangi Mustang GTD modeli uchun qat’iy sotuv shartlarini joriy qildi. Xaridorlar avtomobilni sotib olganidan keyin ikki yil davomida uni qayta sota olmaydi. Ushbu talab Ford’ning ilgari GT modeli uchun qo‘llagan sxemasiga o‘xshaydi. Bu haqda Fordauthority nashri ma’lum qildi.
Shartnomani buzganlar yuridik oqibatlarga duch kelishi mumkin. Bunga taniqli aktyor va kurashchi Jon Sena misol bo‘la oladi – Ford unga qarshi sud ishini ochib, oxir-oqibat kelishuvga erishgandi.
Mustang GTD modelini sotib olish ham maxsus rozilik talab qiladi. Ushbu cheklovlar avtomobil spekulyatsiyasining oldini olish uchun qo‘yilgan bo‘lib, Porsche va General Motors ham o‘zining eksklyuziv modellari uchun shunga o‘xshash shartlarni joriy qilgan.
$300 mingdan oshiq boshlang‘ich narxga ega Ford Mustang GTD yuqori tezlik va eksklyuziv imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Bu avtomobil Nyurburgring poyga trassasida 6 daqiqa 57,685 soniya natija qayd etib, Amerika brendining rekord o‘rnatgan ilk modeli bo‘ldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ford avtomatik ochiladigan eshikli avtomobillarni ishlab chiqayotgani haqida xabar bergan edi.