Alisher Usmonov 17 mln so‘mdan pul tarqatayotgani haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi

Ijtimoiy tarmoqlar va Telegram messenjeri orqali Alisher Usmonovga tegishli bo‘lgan USM kompaniyasi har bir O‘zbekiston fuqarosiga 17 mln so‘m tarqatayotgani haqidagi yolg‘on xabarlar tarqatilmoqda. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi ma’lum qildi.
Ushbu ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va firibgarlar tomonidan odamlarni aldash maqsadida tarqatilayotgan navbatdagi kiberjinoyat sxemalaridan biridir.
«Firibgarlar odatda odamlarni o‘z qarmog‘iga ilintirish uchun turli usullardan foydalanadi. Ular sizni pul olish uchun ro‘yxatdan o‘tishga chaqirib, soxta havolaga bosishni talab qilishadi. Ushbu havolaga bosish orqali shaxsiy ma’lumotlaringizni firibgarlar qo‘liga topshirishingiz mumkin. Shuningdek, ular telefoningiz yoki kompyuteringizga zararli dasturiy ta’minot o‘rnatib, moliyaviy ma’lumotlaringizga ega bo‘lishi mumkin», – deyiladi Kiberxavfsizlik markazi xabarida.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent viloyatida firibgarlar «Alisher Usmonov aksiyasi» niqobi ostida odamlardan pul o‘g‘irlab ketishgani haqida ham xabar bergan edi.