Buxoroda 47 ta gaz to‘ldirish shoxobchasida narxlar sun’iy oshirilgani aniqlandi

Raqobat qo‘mitasining Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi monitoringi natijasida avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalarida siqilgan gaz narxi sun’iy oshirilgani aniqlangan. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Buxoro viloyatida 6-dekabrgacha 1 kub siqilgan gazning chakana narxi o‘rtacha 3900 so‘m bo‘lgan. Biroq 7 – 9-dekabr kunlari bu narx 4150 so‘mgacha oshirilgani aniqlangan.
Qoʻmitaning hududiy boshqarmasi bu ish boʻyicha 85 ta avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida tekshiruv ishlarini olib bordi. Oʻrganish natijasida Buxoro viloyatidagi 47 ta avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida narxni sun’iy oshirilgani aniqlandi.
Ushbu holat yuzasidan 44 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlarga moliyaviy jarimalar qoʻllash haqida qarorlar qabul qilindi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Bekobodda 11,4 mlrd soʻmlik gaz oʻgʻriligi fosh etilgani haqida yozgan edi.