Ijtimoiy obyektlarda «yashil» energiyadan foydalaniladi – prezident

Shavkat Mirziyoyev energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda energiya iste’moli tez sur’atda oshmoqda. 2035-yilga borib elektr talabining 1,7 barobar ko‘payishi prognoz qilingan. Shu bois energiya ishlab chiqarish bilan birga tejamkorlik ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 dollarlik yalpi ichki mahsulot yaratish uchun dunyo bo‘yicha o‘rtacha miqdordan 2,5 barobar ko‘p energiya sarflanmoqda. Shuningdek, elektr tarmoqlarida 14 foiz, tabiiy gazda esa 7 foizdan ortiq yo‘qotishlar kuzatilmoqda.
Taqdimotda energiya tejamkorligini oshirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Xususan, suv xo‘jaligidagi eski nasoslarni yangilash, ijtimoiy obyektlarda «yashil» energiyadan foydalanish va sanoat korxonalarida energiya me’yorlarini belgilash orqali bu yil 1,6 mlrd kub metr gaz va 3,5 mlrd kilovatt-soat elektrni tejash rejalashtirilgan.
Davlat rahbari barcha tarmoqlarda energiya isrofini kamaytirish, tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish hamda aholining energiya tejash bo‘yicha savodxonligini oshirish muhimligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident yoqilg‘i va energiya talon-torojiga qarshi kurash bo‘yicha yangi tartibni joriy qilgan edi.