Yakunlangan haftada «Aloqabank» va «Qizilqumsement» aksiyalari qanchaga o‘sdi

«Toshkent» respublika fond birjasidan (RFB) joy olgan yuqori likvidli aksiyalar ortda qolgan haftada (14-fevraldan 21-fevralgacha) turli dinamikani qayd etdi. Ushbu davrda UCI fond indeksi 0,73 foizga pasaydi.
Aksiyalari eng katta oʻsishga erishgan kompaniyalar qatoridan «Aloqabank»ning imtiyozli aksiyalari (+11,36 %), «Qizilqumsement» (+6,75 %) va «Chilonzor buyum savdo kompleksi» (+9,13 %) joy oldi.
Oʻz navbatida, aksiyalari haftani salbiy natija bilan yakunlagan kompaniyalar orasida «Oʻzsanoatqurilishbank» (-5,05 %), «Ipak yoʻli banki» (-27,14 %) va «Aloqabank»ning oddiy aksiyalari (-7,32 %) yetakchilik qildi.

Bitimlar soni boʻyicha «Ipoteka-bank» (5,9 mingta), «Ipak yoʻli» (537 ta) va «OʻzRTXB» (463 ta) peshqadamlik qildi. Hajm boʻyicha esa «Universal bank» (345 mln soʻm), «OʻzRTXB» (148 mln soʻm) va «Elektrqishloqqurilish» (103 mln soʻm) yuqori uchlikni egalladi.
22 ta yuqori likvidli aksiyalardan 11 tasi haftani yashil rangda, qolgan 11 tasi qizil rangda yakunladi. Mazkur davrda «Toshkent» respublika fond birjasida 495,49 milliard soʻmlik qariyb 12 mingta bitim amalga oshirildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan hafta davomida «Toshkent» RFBda UCI fond indeksi 3,65 foizga oshgani haqida xabar bergan edi.