Kanban nima va uni jamoaviy ishga qanday joriy qilish mumkin

Zamonaviy ish muhitida vazifalarni to‘g‘ri rejalashtirish va ularni nazorat qilib borish — muvaffaqiyatli boshqaruvning eng muhim qismlaridan biri. Aynan shu maqsadda yaratilgan kanban tizimi bugungi kunda ko‘plab tashkilotlar, ayniqsa, IT, ishlab chiqarish va loyiha boshqaruvi sohalarida keng qo‘llanilmoqda. Kursiv Uzbekistan bu haqda barcha ma’lumotlarni sizga taqdim qiladi.
Kanban nima
Kanban — bu ish jarayonlarini optimallashtirish va samaradorlikni oshirish uchun ishlab chiqilgan vizual boshqaruv tizimi. Bugungi kunda kanban dasturiy ta’minot ishlab chiqish, IT xizmatlari, marketing, logistika va boshqa ko‘plab sohalarda keng qo‘llanadi.
Toyota kompaniyasi ushbu tizim yordamida ortiqcha mahsulot ishlab chiqarishning oldini olib, har bir jarayonni aniq vaqtida amalga oshirishga erishgan. Dasturiy ta’minot ishlab chiqishda esa kanban yordamida loyihalarni vaqtida va sifatli yakunlash mumkin.
Maqolada siz nimani bilib olasiz
- Kanban tarixi
- Kanbanning maqsadi
- Kanban loyihalarda qanday ishlaydi
- Kanban doskalari
- Kanban kartochkalari
- Kanbanni qanday qilib joriy etish mumkin
- Kanbanning afzalliklari
- Kanban va Scrum o‘rtasidagi farq
Kanbanning tarixi
Kanban tizimi dastlab 1940-yillarda Yaponiyaning Toyota kompaniyasida ishlab chiqilgan. Uni joriy etishdan asosiy maqsad ishlab chiqarish jarayonini tartibga solish hamda ortiqcha harakatlarni kamaytirish edi. Toyota muhandisi Taiichi Ohno AQShdagi supermarketlar tizimidan ilhomlanib, mijoz talabiga asoslangan ishlab chiqarish modelini yaratdi.
Bu modelda har bir bo‘lim faqat kerak bo‘lganda, kerakli miqdorda va kerakli vaqtda mahsulot ishlab chiqaradi. Shunday qilib, ishlab chiqarish zanjirida har bir bosqich avvalgisi bilan o‘zaro bog‘langan va boshqariladigan holatga keldi.
1980–1990-yillarda kanban g‘oyalari dasturiy ta’minot ishlab chiqish sohasiga tatbiq etila boshlandi. Ayniqsa, agile metodologiyalari bilan uyg‘unlashib, kanban zamonaviy loyiha boshqaruvi vositasiga aylandi.
Kanbanning maqsadi
Tizimning asosiy maqsadi — ish jarayonlarini shaffof qilish, ish yuklamasini optimallashtirish va ish oqimini to‘xtovsiz amalga oshirishga yordam berish. Bu jamoalarga ortiqcha yuklama va turg‘unlikni oldini olishga, jarayonlarni muvozanatli yuritishga imkon yaratadi.
IT kompaniyalarda kanban yordamida dasturiy ta’minotni ishlab chiqish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Agar bitta dasturchi allaqachon ikki yoki uchta vazifada ishlayotgan bo‘lsa, unga yangi vazifa yuklanmaydi. Bu esa muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etishga va jarayonning uzluksiz ishlashiga xizmat qiladi.
Kanban loyihalarda qanday ishlaydi

Bu vizual taqsimlash usuli sifatida ishlatiladi. Tizimda har bir vazifa yoki ish bosqichma-bosqich oldinga siljiydi. Ko‘pincha kanban doskasi uch asosiy ustundan iborat bo‘ladi:
- To Do (Bajarilishi kerak) – Hali boshlanmagan ishlar;
- In Progress (Jarayonda) – Hozirda amalga oshirilayotgan vazifalar;
- Done (Bajarildi) – Yakunlangan vazifalar.
Bundan tashqari, kattaroq jamoalarda Review (ko‘rib chiqish), Testing (sinovdan o‘tkazish), Approval (ma’qullash) kabi qo‘shimcha ustunlar ham bo‘lishi mumkin.
Misol tariqasida, dasturiy ta’minot ishlab chiqish jarayonini olaylik. Agar kanban doskasi mavjud bo‘lsa, dasturchilar har bir vazifaning qaysi bosqichda ekanligini aniq ko‘ra oladi. Masalan, yangi xususiyat qo‘shish vazifasi «To Do» (rejalashtirilgan ishlar) bo‘limida turibdi, dasturchi ushbu vazifani olganidan keyin u «In Progress» (jarayonda) bo‘limiga o‘tadi. Kod yozilib, tekshiruvdan o‘tkazilganidan so‘ng esa «Done» (yakunlangan) bo‘limiga ko‘chiriladi.
Kanban doskalari
Tizim doskalari vazifalarni vizual ko‘rinishda taqdim etadi. Ular turli formatlarda bo‘lishi mumkin:
- An’anaviy doska va yopishqoq qog‘ozlar — Jismoniy kanban tizimlarida qo‘llaniladi;
- Elektron kanban doskalari — Trello, Jira, Asana, Monday.com kabi dasturlar orqali yuritiladi.
Elektron kanban doskalarining afzalligi shundaki, ular masofaviy jamoalar uchun juda qulaydir. Masalan, Trello platformasida buni yuritish mumkin. Har bir vazifa uchun maxsus kartochka yaratiladi va uni istalgan vaqtda tahrirlash, qo‘shimcha sharhlar qoldirish yoki mas’ul shaxslarni tayinlash mumkin.

Kanban kartochkalari
Bunda har bir vazifa yoki ish jarayoni maxsus kartochka sifatida taqdim etiladi. Har bir kartochkada quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi mumkin:
- Ish nomi va tavsifi;
- Mas’ul shaxs;
- Muddat;
- Jarayon bosqichi;
- Izohlar va sharhlar.
Masalan, bir marketing jamoasi yangi reklama kampaniyasini ishlab chiqmoqda. Tizim doskasida «Kampaniya konsepsiyasini yaratish» nomli kartochka mavjud. Unda mas’ul shaxs ko‘rsatilgan, muddat belgilangan va kerakli materiallar ilova qilingan bo‘lishi mumkin.

Kanbanni qanday qilib joriy etish mumkin
Kanban tizimini joriy qilish uchun avvalo jamoa ichida ochiq muloqot muhim. Har bir xodim tizimning maqsadini va foydasini tushunishi kerak. Ish jarayoni bosqichlarini aniqlab, ularni «Backlog» (kutilayotgan ishlar), «Bajarilishi kerak», «Jarayonda» va «Bajarilgan» kabi ustunlarga ajrating. Har bir vazifani alohida kartochkaga yozib, unga mas’ul shaxsni belgilang.
Vizual taxta (fizik yoki raqamli) yordamida barcha bosqichlarni ko‘zga ko‘rinadigan joyda saqlang. Ish hajmini nazorat qilish uchun bir vaqtda bajarilishi mumkin bo‘lgan vazifalar sonini cheklang. Kartochkalarni bosqichma-bosqich harakatlantirib, jamoaning ish faoliyatini kuzatib boring. Doimiy ravishda yig‘ilishlar o‘tkazib, tizimni takomillashtirishga oid fikrlarni muhokama qiling. Kanban joriy qilinar ekan, uni asta-sekinlik bilan mavjud ish tartibiga moslashtirib olib boring. Bu yondashuv ish jarayonini izchil, shaffof va samarali qilishga yordam beradi.
Kanbanning afzalliklari
Mazkur tizim turli sohalarda quyidagi afzalliklarga ega:
- Ish jarayonlarini shaffoflashtiradi;
- Vazifalarni optimallashtirishga yordam beradi;
- Ish oqimini tezlashtiradi;
- Ish hajmini boshqarishga imkon beradi;
- Ish samaradorligini oshiradi.
Bir logistika kompaniyasida yuklarni yetkazib berish jarayoni kanban orqali boshqariladi. Har bir buyurtma maxsus kartochka sifatida yaratiladi va uning harakati real vaqt rejimida kuzatiladi.

Kanban va Scrum o‘rtasidagi farq

Misol tariqasida, agar jamoa tezkor ish oqimiga ega bo‘lishni xohlasa, ushbu tizim tanlanadi. Agar aniq muddatlar va sprintlar asosida ishlash muhim bo‘lsa, scrum tizimi qo‘llaniladi.

Bu tizim har qanday jamoaga ish jarayonlarini shaffoflashtirish va samaradorlikni oshirish imkonini beradi. Uni to‘g‘ri joriy qilish orqali jarayonlarni optimallashtirish va resurslardan samarali foydalanish mumkin. Ushbu tizimni kichik biznesdan tortib yirik korporatsiyalargacha qo‘llash mumkin.