O‘zbekistonliklarning 66,4 foizi daromadlarning o‘sishini kutmoqda

Markaziy bank tomonidan 2024-yilning so‘nggi choragida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari e’lon qilindi. Unda 66,4 foiz o‘zbekistonliklar kelgusi 12 oyda daromadlarining o‘sishini kutayotganini bildirgan. Ularning ulushi chorak davomida 2,3 foizga oshgan.
Shuningdek, respondentlarning 23,3 foizi o‘z daromadlarining o‘zgarishsiz qolishini kutayotganini aytdi. Qolgan 10,2 foiz esa daromadlarning kamayishini kutmoqda.
Eng optimistik prognozlar oziq-ovqat, savdo va sanoat ishchilari orasida kuzatilgan. Dasturchilar va jurnalistlarda bu ko‘rsatkich 57 foizni, davlat xizmatchilari esa 61 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, OAV va IT-kompaniyalari xodimlarining 27 foiz daromadlar kamayishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Shu bilan birga, o‘zbekistonliklarning 77 foiz xarajatlarning oshishini kutmoqda. 2024-yilning uchinchi choragidan boshlab bu ko‘rsatkich deyarli o‘zgarmagan. Ko‘pchilik respondentlar turarjoy va ta’limga katta sarf-xarajatlar qilishini aytgan.
Oyiga 15 mln so‘mdan ortiq daromad oluvchi o‘zbekistonliklar esa sayohatlar, avtomobil va ko‘chmas mulk sotib olishga katta xarajatlarni rejalashtirmoqda.
Xarajatlarning o‘sishi bo‘yicha taxminlar o‘zgarishsiz qolmoqda. Yoshlar asosan ta’lim, elektronika va maishiy texnikaga ko‘proq mablag‘ sarflaydi. O‘rta yoshdagilar uy-joy, avtomobil va oilaviy bayramlarga, keksalar esa sog‘lig‘iga e’tibor qaratadi.
Markaziy bank o‘zbekistonliklarning jamg‘armalarga qiziqishi ortib borayotganini qayd etdi. 2024-yilning to‘rtinchi choragida respondentlarning 62,3 foizi jamg‘armalar o‘sishini kutishlarini aytgan. Bu ko‘rsatkich uchinchi chorakka nisbatan 1,2 foizga oshgan.
Bundan tashqari, respondentlarning 57 foizi kelgusi 12 oy ichida kredit qarzlarini oshirishni rejalashtirishgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oʻzbekiston aholisi inflyatsiyani 14,4 foiz darajasida kutayotgani haqida xabar bergandi.