
Angliya Premyer ligasining 27-turi doirasidagi markaziy uchrashuvlardan biri 26-fevral oqshomida boʻlib oʻtdi. Unda «Tottenhem» oʻz maydonida «Manchester Siti»ni qabul qildi.
Londondagi «Tottenhem Hotspur» stadionida kechgan uchrashuvda «Shaharliklar» minimal 1:0 hisobda gʻalaba qozondi. Uchrashuvdagi yagona golga Erling Holand mualliflik qildi. Norvegiyalik hujumchi 12-daqiqada raqib darvozasini ishgʻol qilib, jamoasiga qimmatli uch ochkoni taqdim etdi.
Mazkur turdan keyin Pep Gvardiola boshqaruvidagi «Manchester Siti» ochkolar sonini 47 taga yetkazib, turnir jadvalida 4-oʻringa koʻtarildi.
Ushbu bahsda Oʻzbekiston MTJ a’zosi Abduqodir Husanov boshlangʻich tarkibda maydonga tushdi va toʻliq 90 daqiqa harakat qildi. Sofascore nashri Husanovning harakatlariga 7 ball qo‘ydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Manchester Siti» oʻz maydonida «Liverpul»ga imkoniyatni boy bergani haqida xabar bergan edi.