Prezident Xalqaro dzyudo federatsiyasi rahbarini «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi

Shavkat Mirziyoyev Xalqaro dzyudo federatsiyasi rahbari Marius Vizer bilan mamlakatimizda dzyudo maktabini rivojlantirish va ushbu sport turini ommalashtirish masalalari bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro dzyudo musobaqalarida faol ishtirok etib kelmoqda. 2022-yilda jahon chempionati, 2023-yilda harbiy xizmatchilar o‘rtasida jahon birinchiligi yurtimizda o‘tkazildi. Parij Olimpiadasida Diyora Keldiyorova tarixda ilk bor dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston uchun oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Marius Vizer O‘zbekistonda sport infratuzilmasini rivojlantirish, yoshlar, ayniqsa, qizlarni dzyudoga jalb etish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Federatsiya sportchilar va murabbiylarni tayyorlashda texnik ko‘mak ko‘rsatish hamda mamlakatimiz hududlarida xalqaro musobaqalar o‘tkazish taklifini ilgari surdi.
Uchrashuv yakunida prezident Marius Vizerni O‘zbekiston dzyudo maktabi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Erdog‘anni tavallud kuni bilan tabriklagan edi.