AQShdan deportatsiya qilingan migrantlar Panamadagi lagerda qolib ketdi

eʼlon qilindi
Hozirda lagerda 112 nafar migrant bor
Фото: karenr/Depositphotos

AQShdan Panamaning Darien provinsiyasidagi «San-Visente» immigratsion markaziga deportatsiya qilingan migrantlar kelajagi noma’lumligicha qolmoqda. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Fevral oyi o‘rtalarida agentlik Panamadagi lagerga deportatsiya qilingan 119 nafar xorijlikni, jumladan, o‘zbekistonliklarni joylashtirish niyatida ekanini xabar qilgandi.

Shuningdek, lager o‘rmon hududida joylashgani uchun ayni paytda migrantlarning advokatlari ular bilan bog‘lana olmayotgani haqida xabarlar mavjud.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, hozirda lagerda 112 nafar migrant bor. Panama rasmiylari esa bu odamlar repatriatsiyadan voz kechganini ta’kidlagan. Panama prezidenti Xose Mulino migrantlar huquqiy yordam ko‘rsatilishidan nega voz kechganliklarini bilmasligini aytdi. Shuningdek, u 113 nafar migrant Vataniga qaytganini, yana 58 nafari esa uyga qaytish uchun aviachiptalarni kutayotganini qo‘shimcha qildi.

Panama va AQSh o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, Markaziy Amerika davlati hukumati deportatsiya qilinganlarni vatanga qaytarish uchun javobgar hisoblanadi. Oxirgi paytlarda Panama AQShdan 300 nafar migrantni, jumladan, Afg‘oniston, Xitoy, Hindiston, Eron va Nepal fuqarolarini qabul qilgan.

«Tranzit davlatlar o‘z qonunlari va xalqaro majburiyatlariga muvofiq, o‘z hududidan kimni chiqarish yoki chiqarmaslik borasida mustaqil qaror qabul qiladi», deb izoh bergan AQSh Davlat departamenti.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQShdan deportatsiya qilingan o‘zbekistonlik migrantlar Kosta-Rikaga vaqtincha joylashtirilgani haqida xabar bergandi.

Shuningdek