Ipoteka krediti uchun subsidiyaga arizani qanday topshirish mumkin – qo‘llanma

Shu yilning 3-mart kunidan ipoteka kreditlari uchun subsidiya olish bo‘yicha onlayn arizalar qabuli boshlandi. Quyida subsidiya olish uchun ariza topshirish bo‘yicha yo‘riqnoma keltirilgan.
Ipoteka kreditlari boʻyicha dastlabki badal va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar sonini 1,5 baravarga ya’ni 30 mingga oshirish maqsadida Davlat budjetidan 2,5 trillion soʻm yoʻnaltiriladi. Subsidiya olish uchun ariza beruvchining va uning yaqin qarindoshlarining o‘rtacha daromadi Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda 3 mln so‘mdan 9 mln so‘mgacha, Toshkent shahrida esa 3 mln so‘mdan 10,6 mln so‘mgacha bo‘lishi kerak.
Shuningdek, ariza topshiruvchi yoki uning turmush o‘rtog‘i nomida butun respublika hududida mulk huquqi bilan uy-joy bo‘lmasligi talab etiladi.
Xizmatdan Yagona portal orqali bepul foydalanish mumkin. Ariza beruvchi portal orqali shaxsiy kabinetiga kiradi va qidiruv tizimidan «ipoteka krediti» kalit so‘zi orqali xizmatni topishi mumkin. Bunda fuqaroning ma’lumotlari avtomatik shakllanadi, ortiqcha hujjatlar talab etilmaydi.
1–qadam. Ariza yuboruvchi o‘z nomidan ariza topshirmoqchi bo‘lsa, «arizachining o‘zi» toifasini tanlaydi. Agar arizachining oila a’zolari xorijda ishlayotgan mehnat migrantlari nomidan subsidiyaga ariza jo‘natmoqchi bo‘lsa, undan keyingi ustunni tanlashi kerak.

2–qadam. Keyingi sahifada arizachi haqida ma’lumotlar avtomatik shakllanadi. Ulardan arizachining doimiy ro‘yxatdan o‘tgan hududi va oilaviy holatini, telefon raqami va elektron pochta manzilini mustaqil kiritiladi.
Eslatma: fuqaroning ro‘yxatga olingan doimiy yashash hududiga ajratilgan subsidiya limitlari tugagan taqdirda, ariza yuborib bo‘lmaydi.

3–qadam. Oxirgi qadamda ijtimoiy mezonlarga muvofiqlik belgilanadi. Ijtimoiy mezonlar quyidagilar:
- og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan hamda yolg‘iz ayollar;
- migratsiya dasturida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar;
- olis hududlardagi tashkilotlarga boshqa hududlardan ishlash uchun kelgan mutaxassislar yoki tibbiyot xodimlari;
- professional ta’lim tashkilotlarining muhandislik, ishlov berish va qurilish sohalaridagi o‘qituvchilari;
- tibbiy-ijtimoiy ekspertiza elektron axborot tizimiga kiritilganlar.
Shuningdek, agar harbiylashtirilgan organlarga aloqadorlik mavjud bo‘lsa «ha», agar bo‘lmasa «yo‘q» degan ustun tanlanadi. Keyin yuborish tugmasini bosib arizani jo‘natish kerak.

Arizalarni ko‘rib chiqish muddati 14 ish kunidan 5 ish kunigacha qisqartirilgan bo‘lib quyidagi havola orqali jo‘natish kerak. Ariza holatini Yagona portaldagi shaxsiy kabinetdan kuzatib borish mumkin.
Ma’lumot uchun, ipoteka sertifikatining amal qilish muddati – 4 oy. Agar undan o‘z vaqtida foydalanilmasa, ipoteka kreditiga subsidiya olish uchun qayta ariza berish mumkin bo‘ladi. Ipoteka krediti uchun subsidiya ajratilgan holatda arizachi shaxsiy kabinetiga kelgan sertifikatni yashash hududidagi kredit olmoqchi bo‘lgan bankka olib borishi kerak.
Vazirlar Mahkamasining 11-noyabrdagi qaroriga ko‘ra, subsidiyalar qoplaydigan foizlar miqdori 2025-yildan boshlab Markaziy bankning asosiy stavkasidan ortiq bo‘lgan qismi, ya’ni hozirgi 13,5 foizni tashkil etgan holda qoplanadi. Arizachi to‘plashi mumkin bo‘lgan umumiy ballar soni 50 dan 35 gacha kamayadi. Demak, subsidiya olish uchun 30 yoki undan ortiq ball to‘plash lozim.
Subsidiya berilmaydigan holatlar aniq belgilanib, quyidagi holatlarda arizalar rad etiladi:
– Noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilganda;
– Mintaqada subsidiya kvotalari tugagan bo‘lsa;
– Takroriy murojaat qilinsa (agar arizachi yoki uning turmush o‘rtog‘i ilgari ipoteka krediti subsidiyasidan foydalangan bo‘lsa);
– Agar ariza allaqachon topshirilgan va ko‘rib chiqilayotgan bo‘lsa, turmush o‘rtog‘i tomonidan berilgan ikkinchi ariza rad etiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda O‘zbekiston fuqarolariga ipoteka kreditlari uchun 1,4 trillion so‘m miqdorida subsidiya to‘langan. Shundan 23,7 foiz subsidiya Milliy bankka to‘g‘ri keldi. «Ipoteka-bank» ulushi 23,2 foizni, Xalq banki ulushi 15,5 foizni tashkil qildi. Eng kam subsidiyalar MK bank, Hamkorbank va Turonbank tomonidan to‘langan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya uchun arizalar qabuli boshlangani haqida yozgandi.