Raqobat qo‘mitasi Coca-cola va Pepsi’ni moliyaviy jarimaga tortdi

Raqobat qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi yanvar va fevral oylarida reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi yuzasidan o‘rganish ishlari olib bordi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
O‘rganishlar natijasida 30 dan ortiq kompaniyalarda qonun buzilishi holatlari kuzatilgan. Ular qatorida Coca-cola (Coca-cola ichimligi Uzbekistan LTD), Pepsi (International beverages Tashkent MChJ XK), Evos (Mak food servis MChJ), Lumieri MChJ, Turan media MChJ, Oqtepa Lavash (Oqtepa food sevice MChJ) va Safia (Baratrum MChJ) ham bor.
Kompaniyalarga nisbatan tashqi reklama va axborotni joylashtirish tartibi buzilishi yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarimalar qo‘llash haqida qaror qabul qilindi. Moliyaviy jarima miqdori ma’lum emas.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «System air-train-tour» MChJ 75 million so‘m miqdoridagi jarimaga tortilgani haqida yozgandi.