Firibgarlar fuqarolar nomiga 316 mlrd so‘mlik onlayn kredit olishga uringan – Markaziy bank

Shu yilning yanvar-fevral oylarida firibgarlar tomonidan fuqarolar nomiga 316 milliard so‘mdan ortiq onlayn kredit olish uchun arizalar topshirilgan. Ammo yangi tizim tufayli ular pulni o‘g’irlay olmadilar. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qildi.
Firibgarlik holatlarining oldini olish maqsadida 2024-yil 1-noyabridan 2025-yil 1-apreligacha jismoniy shaxslarga onlayn kredit ajratish bo‘yicha vaqtinchalik tartib joriy etilgan. Mazkur tartib asosida 11 ta tijorat banki va 1 ta mikromoliya tashkiloti mobil ilovalar orqali fuqarolarga onlayn kredit ajratishni amalga oshirmoqda.
Vaqtinchalik tartibga ko‘ra, 48 soat davomida qo‘shimcha tasdiqdan o‘tmagan hamda sarflanmagan kredit mablag‘lari avtomatik ravishda bekor qilinib, kredit tashkilotlari hisobiga qaytarilgan. Shu sababli firibgarlarning 316,1 mlrd so‘mlik(yanvar oyida 115,5 mlrd so‘m, fevral oyida 200,6 mlrd so‘m) noqonuniy urinishlari oldi olindi.


Ma’lumot uchun, yanvar-fevral oylarida fuqarolarga 10 trln so‘m onlayn kredit ajratilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan firibgarlik yo‘li bilan olingan 2,9 mlrd so‘mlik kriptoaktivlar qaytarilgani haqida yozgandi.