Bosh prokuratura 475 mln soʻmlik noqonuniy elektr energiyasi iste’molini fosh etdi

Sergeli tumanida yakka tartibdagi tadbirkor va boshqa shaxslar «A.S.» MChJga ijaraga bergan binosini tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga yashirincha ulangani aniqlandi. Natijada 289 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Shunday holat Qumqoʻrgʻon tumanida ham sodir boʻlib, fermer xoʻjaligi rahbari xoʻjalik yer maydonini sugʻorishda umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga suv nasoslarini toʻgʻridan toʻgʻri hisoblagichdan tashqari ulagan. Xoʻjalik jami 186,1 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi fosh boʻldi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻirlik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan. Vaziyat boʻyicha tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Kursiv Uzbekistan soxta eksport orqali budjetdan 24,6 mlrd soʻm oʻgʻirlagan bir guruh mansabdor shaxslarga sud hukmi oʻqilgani haqida yozgan edi.