
Porsche kompaniyasi Macan modelining benzinli versiyasini ishlab chiqarish to‘xtatilishini rasman e’lon qildi. Endilikda ushbu model faqat elektr platformada taqdim etiladi.
Bu o‘zgarish kompaniyaning moliyaviy hisobotida tasdiqlangan bo‘lib, Porsche elektromobillar bozoriga bo‘lgan e’tiborini yanada kuchaytirayotganini ko‘rsatadi. Yevropada ichki yonuv dvigateliga ega Macan’ning sotilishi allaqachon to‘xtatilgan va 2025-yildan boshlab butunlay elektr versiyasiga o‘tiladi.
Bundan tashqari, Porsche o‘z model qatorini yanada kengaytirish rejasini ko‘rib chiqmoqda. Cayenne’dan kichikroq bo‘lgan yangi gibrid krossover ustida ish olib borilmoqda, bu esa kompaniyaning elektr va gibrid texnologiyalarga bo‘lgan sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Porsche 2030-yilga kelib o‘z elektromobillarining sotuvlardagi ulushini 80 foizgacha oshirishni maqsad qilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Porsche Macan Turbo Electric taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.