Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonda elektr skuterlar ishlab chiqaradi

O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning Pro Events and Marketing Sdn Bhd kompaniyasi boshqaruv direktori Elayne Txam bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar investitsiya loyihalari bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qildi, deya yozmoqda «Dunyo» AA.
Unga ko‘ra, Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonda 3 va 4 g‘ildirakli elektr skuterlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishni ko‘rib chiqmoqda. Dastlab yillik ishlab chiqarish hajmi 5 ming donani tashkil etishi, keyinchalik bu ko‘rsatkich 10 mingtagacha oshirilishi rejalashtirilgan. Mahalliylashtirilgan ishlab chiqarish yetkazib berish xizmatlarining sifatini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Bundan tashqari, kompaniya O‘zbekistonda sun’iy intellekt asosida tibbiy diagnostika dasturini joriy etish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.
Tomonlar ushbu loyihalarni yanada chuqur o‘rganish va hamkorlikni rivojlantirish maqsadida kompaniya rahbariyatining O‘zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etishga kelishib oldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Malayziya sanoat zonasini yaratish bo‘yicha muzokaralarni boshlagan edi.