Tramp oilasi Binance’ning AQShdagi bo‘linmasi bilan muzokaralar olib bordi

Donald Tramp oilasi Binance kriptovalyuta birjasining AQShdagi bo‘linmasida moliyaviy ulush sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Bu haqda Wall Street Journal (WSJ) nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, Trampning yaqin doiralari Binance’ning Amerika bo‘linmasini sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bir yil oldin kriptobirjaning o‘zi Trump tarafdorlariga shartnoma taklif qilgan.
Agar kompaniyaning bir qismi Amerika prezidentining oilasi nazoratiga o‘tsa, bu ikki yil oldingi janjaldan keyin Binance uchun mamlakat bozoriga qaytish imkonini beradi.
Shuningdek, Binance’ning milliarder asoschisi Changpeng Chjao Tramp ma’muriyatidan uni avf etishni talab qilmoqda. Chjao 2023-yil noyabr oyida Binance bosh direktori lavozimidan ketgan va AQShning pul yuvishga qarshi qonunlarini buzganlik aybi bo‘yicha $4,3 mlrdlik kelishuvga rozi bo‘lgandi.
Avvalroq «Kursiv» Binance Oʻzbekistonda ish boshlagani haqida yozgandi.